top of page

Rossiya Blum hammuassisi Vladimir Smerkisni firibgarlik ayblovi bilan hibsga oldi

#BLUM

3 daqia

23/05/25, 08:56

Foto: Cointelegraph

Telegramdagi kripto loyiha Blumning hammuassisi Vladimir Smerkis Moskvada firibgarlikda ayblanib hibsga olingan. Bu haqda Rossiyaning davlat axborot agentligi TASS 18-may kuni xabar berdi.

Moskvaning Zamoskvoretskiy tuman sudi tergovchilarning Smerkisni tergov davomida hibsda saqlash to‘g‘risidagi so‘rovini qanoatlantirdi.

Avval Binance kompaniyasining Rossiyadagi faoliyatini boshqargan Smerkis Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 159-moddasiga asosan “katta miqdordagi firibgarlik”da gumon qilinmoqda. Bu moddaga ko‘ra, ikki yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan.

Hozircha unga rasman ayblov qo‘yilgani yoki yo‘qligi aniq emas. Rossiyaning Mash axborot manbasi Smerkisga qo‘yilgan firibgarlik ayblovlarini u 2017-yilda asos solgan The Token Fund va Tokenbox loyihalari bilan bog‘lamoqda. Ushbu loyihalarda investorlar umumiy hisobda 15 million AQSh dollariga yaqin zarar ko‘rganliklari aytilmoqda.


Blum Smerkis bilan xayrlashganini e’lon qildi


Blum kompaniyasi 18-may kuni ijtimoiy tarmoq X’da Smerkis kompaniyaning marketing bo‘yicha rahbari lavozimidan iste’foga chiqqanini va endilikda loyiha bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.

“Blum jamoasi o‘z maqsadlariga to‘liq sodiq qoladi va kundalik faoliyat odatdagidek davom etadi,” — deyiladi rasmiy bayonotda.

Blum – bu Telegram Mini App ichida markazlashmagan birjani integratsiya qilgan kripto loyiha bo‘lib, foydalanuvchilarga kriptovalyuta savdosi qilish, mukofotlar olish va token airdroplarida qatnashish imkonini beradi.


Smerkis bo'lmasa BLUM tokeni ham bo‘lmaydimi?


Smerkisning hibsga olinishi jamoatchilik orasida BLUM token airdropi rejalashtirilganidek o‘tmasligiga oid xavotirlarni kuchaytirdi. Blum 3-aprel kuni X’da e’lon qilgan postida BLUM tokenni 2025-yilning uchinchi choragida listing qilishni rejalashtirayotganini bildirgan edi.


Foydalanuvchilar BLUM tokenlarini “Drop Game” nomli mini o‘yin orqali Blum points (ochkolar) yig‘ib, keyin ularni loyihaning Token Generation Event (TGE) chog‘ida tokenlarga almashtirishlari mumkin.


Ammo Smerkisning hibsga olinishi fonida loyihaning airdrop bo‘yicha jimjitligi ko‘pchilikning ishonchini susaytirdi.

“Blum foydalanuvchilarga airdrop bo‘yicha aniq tushuntirish berishi kerak,” — dedi bir foydalanuvchi X’da. “Na airdrop, na yangilik. Faqat jimlik. Hammasi bekor bo‘ldimi?” — deb yozyapto ko'plab kripto inflyuenserlar.

O'xshash yangiliklar
Blockchain Texno
Blockchain Texno 2025 ©
bottom of page