Pump.fun $1 milliardlik token sotuviga tayyorgarlik ko‘ryapti, kompaniya qiymati $4 milliardga baholangan
#pumpfun
3 daqiqa
04/06/25, 07:52

Foto: Dune
“Meme token fabrikasi” sifatida tanilgan Pump.fun platformasi PUMP tokenlarini jamoaviy va xususiy investorlar uchun sotib, $1 milliard sarmoya jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Blockworks axborot manbalariga tayanib xabar berdi.
Token narxi kompaniyaning $4 milliardlik umumiy bahosi asosida belgilanadi. Sotuv yaqin ikki hafta ichida amalga oshishi mumkin. Shuningdek, airdrop (bepul token tarqatish) ham kutilmoqda.
Faoliyat va daromadlar
Dune Analytics ma’lumotiga ko‘ra, Pump.fun platformasi ochilganidan buyon $622 million yig‘im (komissiya) daromad olgan. Bugungi kungacha 19,45 million manzil tomonidan 10,7 millionga yaqin token chiqarilgan.
Platformadagi eng yuqori faollik 2024-yil noyabr va 2025-yil yanvar oylariga to‘g‘ri kelgan.
Tadqiqotlarga ko‘ra, Pump.fun bot armiyasi ayrim tokenlarda savdoning 60–80 foizini tashkil qilmoqda, bu esa FOMO (foydani qo‘ldan boy berish qo‘rquvi) orqali narxlarni ko‘tarishga xizmat qiladi.
Platforma yangiliklari
Mart oyida, platforma Raydiumdan voz kechib, o‘zining Solana blokcheynidagi DEX (desentralizatsiyalashgan birja) — PumpSwapni ishga tushirdi.
Aprelda esa barcha foydalanuvchilarga striming (token chiqarish oqimini kuzatish) funksiyasi qayta ochildi.
May oyida Pump.fun meme token yaratuvchilarni mukofotlash mexanizmini ishga tushirdi.
Bozor raqobati kuchayib boryapti
Shuni ham eslatib o‘tamizki, Blockworks Research Pump.fun ning Solanadagi ustunligi kamayishi mumkinligini aytgan edi. Sababi — yangi platformalar daromad ulashish, “bog‘lovchi egri chiziqlar” (bonding curves) va boshqa mexanizmlarda tajriba o‘tkazmoqda.
Bundan avval CoinGecko 2025-yilning birinchi choragida meme tokenlar eng ommabop yo‘nalish bo‘lganini ta’kidlagan edi.