Ordinals va BRC-20 tokenlar nima: Bitcoin endi faqat “raqamli oltin” emas
Kriptopediya
5 daqiqa
08/10/25, 14:23

Foto: AI
Kirish
Bitcoin ko‘p yillar davomida “raqamli oltin” deb qaralgan qiymat saqlovchi vosita bo'lib kelgan, lekin tajriba maydoni emas edi. Ammo 2023-yilda Bitcoin blokcheynida rasmlar, musiqalar, hatto memlar paydo bo‘la boshladi.
Shunda Ordinals texnologiyasi yaratilgan edi. U satoshi (Bitcoin minimal miqdor birligi) ichiga ma’lumot yozishga imkon beradi. Keyinchalik esa uning asosida BRC-20 tokenlar paydo bo‘ldi. Bu esa Bitcoin’ni NFT va tokenlar olamiga olib kirdi.
Ordinals nima
Ordinals protokol bo‘lib, u har bir satoshiga tartib raqamini biriktiradi. Bitcoin’da 1 BTC = 100 million satoshi bo‘lgani uchun, har bir satoshiga ma’lumot yozish mumkin bo'lib qoldi (rasm, matn, audio yoki video holida).
Bu jarayon inskriptiya (inscription) deyiladi. Ma’lumot to‘g‘ridan-to‘g‘ri blokcheynga yoziladi va uni o‘chirib bo‘lmaydi. Natijada oddiy satoshi noyob raqamli obyektga aylanadi. NFT’ga o‘xshash, lekin butunlay Bitcoin ichida saqlanadi.
Asosiy farqi shundaki, Ethereum’dagi NFT ma’lumotlari tashqi fayl tizimlarida (masalan, IPFS) saqlansa, Ordinals to‘liq Bitcoin blokcheynida joylashgan. Shu sababli ular abadiy saqlanadi, lekin yozish xarajati yuqoriroq bo‘ladi.
BRC-20 tokenlar qanday ishlaydi
Ordinals muvaffaqiyatidan so‘ng, domo taxallusli dasturchi yangi tajriba boshladi — BRC-20 standarti.
Bu standart Ordinals mexanizmidan foydalanib, Bitcoin’da token chiqarish va yuborishni ta’minlaydi.
Har bir BRC-20 token oddiy JSON fayl bo‘lib, u blokcheynga yoziladi. Bu faylda token nomi, umumiy hajmi, limit va operatsiya turi ko‘rsatiladi. Natijada Bitcoin ham ERC-20’ga o‘xshash tokenlarga ega bo‘ldi, lekin hech qanday smart-kontraktlarsiz.
Endi foydalanuvchilar token yaratish, yuborish va yo‘q qilish operatsiyalarini maxsus hamyonlar yordamida bajarishlari mumkin edi.
Nega bu mashhur bo‘lib ketdi
Ordinals va BRC-20 Bitcoin’ni yana markazga qaytardi. ORDI butun bozorda shov-shuv keltirib chiqardi va milliardlab dollarlik kapitalizatsiyaga yetdi.
Ba’zilar bu jarayonni “yangilanish” deb biladi, boshqalar esa “muammo”. Chunki Ordinals blokcheynda joy egallardi va tranzaksiya to‘lovlarini oshirardi.
Ammo haqiqat bitta: bu Bitcoin’ni ishlab chiquvchilar va investorlar uchun yanada jozibador qildi. Kelajakda nima kutish mumkin
Ordinals va BRC-20 misolida biz hatto eng eski blokcheyn ham innovatsiyalar uchun ochiq ekanligini ko'rdik.
Ulardan keyin yangi standartlar, masalan BRC-721E va Runes, yaratila boshlandi (ular jarayonni arzonroq va tezroq qilish vazifasini o'ziga olgan).
Ehtimol, biz yangi davr boshida turibmiz. Bu davrda Bitcoin nafaqat sarmoya vositasi, balki raqamli san’at va tokenlashtirilgan aktivlar platformasiga aylanadi.
Xulosa
Ordinals va BRC-20 Bitcoin tarixidagi muhim burilish bo‘ldi. Ular Bitcoin nafaqat “raqamli oltin”, balki ijod, innovatsiya va yangi iqtisod uchun platforma ham bo‘lishi mumkin ekanligini butun kripto olamiga ko'rsatdi.