top of page

Markazlashgan (CEX) va markazlashmagan (DEX) birjalarning farqi nimada?

#maxsus_rukn

09/07/24, 09:12

Foto: Medium

Kripto-birja - kripto-aktivlar faoliyatida xizmat provayderlaridan biri bo‘lib, kripto-aktivlarni ayirboshlash, sotib olish va sotish uchun elektron maydonchadan iborat bo‘lgan tashkilot hisoblanadi.


Kripto-birjalarni faoliyat yuritish jihatidan asosan 2 ga bo‘lish mumkin: markazlashgan birjalar (CEX) va markazlashmagan birjalar (DEX)


DEX (Decentralized Exchange)  - bu markazlashmagan tizimda ishlaydigan, vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanuvchilar orasida kripto valyuta almashinuvini ta’minlaydigan platformalar. Misol uchun Uniswap,dydx, PancakeSwap birjalari DEX markazlashmagan tizimda ishlaydi.


DEX lar an’anaviy markazlashgan birjalardan (CEX) bir qator muhim jihatlari bilan farq qiladi.


DEX larda foydalanuvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir-biri bilan savdo qilishadi, bu esa xavfsizlikni oshiradi.  DEX lar to‘liq markazlashmagan tizimda ishlaydi. Birja savdolarida hech qanday markaziy organ yoki vositachini talab qilmaydi.


CEX - markazlashgan birjalar bitta kompaniya yoki tashkilot tomonidan boshqarilishni taqozo qiladi.


 DEX larda foydalanuvchilar o‘z mablag‘larini to‘liq nazorat qiladi. Shaxsiy kalitlar foydalanuvchilarda saqlanadi.


CEX arda foydalanuvchilar mablag‘larini birjaga ishonib topshiradi. Birja ularni saqlaydi va boshqaradi. Agar biror jinoyatga aloqadorligingiz aniqlansa, sizning aktivlaringizni muzlatib qo‘yishlari ham  mumkin.


DEX larda anonim savdo muhiti mavjud.  Ko‘plab DEX lar foydalanuvchilardan shaxsiy ma’lumotlarni -  KYC talab qilmaydi. CEX lar esa odatda KYC (mijozni bilish) va AML (jinoiy daromadni legallashtirishga qarshi kurashish) talablari mavjud.


DEX lar yangi DeFi (Markazlashmagan moliya) mahsulotlarini taklif etishi mumkin, masalan, avtomatlashtirilgan market-meykerlik va likvidlik havzalarini taklif qilsa-da, DEX larning ham o‘ziga yarasha kamchiliklari ham mavjud.


Birinchidan, DEX lar an’anaviy birjalarga nisbatan yangi foydalanuvchilar uchun birja interfeysi murakkab bo‘lishi mumkin.


Shuningdek, DEX lardagi ba’zi kripto-aktivlar savdolarida likvidlik muammolari mavjud. Ba’zi kripto-aktivlar savdo juftliklar uchun savdo hajmi past bo‘lishi mumkin.


DEX larda odatda faqat spot savdo imkoniyati mavjud bo‘ladi. CEX lar orqali turli derivativ savdolarni futurs, marjinal amalga oshirish mumkin.


DEX larda ba’zi hollarda tranzaksiyalar sekin ishlashi va tig‘iz paytlarda transaksiya to‘lovlari qimmat bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, Ethereum tarmog‘ida bu yaqqol seziladi.


CEX (Centralized Exchange) - bu an’anaviy moliyaviy institutlarga o‘xshash tarzda ishlaydigan markazlashgan kripto valyuta birjalari bo‘lib, ularning asosiy xususiyatlaridan kripto-birja bitta kompaniya yoki tashkilot tomonidan nazorat qilinishida hisoblanadi.


DEX lardan farqli o‘laroq, markazlashgan birjalarda shaxsiy hisob ochish va KYC (Know Your Customer) jarayonini o‘tish majburiy hisoblanadi.


Markazlashgan birjalar DEX larga nisbatan yuqori likvidlik sharoiti mavjud bo‘lib, kattaroq hajmdagi savdolar va tezkor tranzaksiyalar imkoniyati mavjud.


CEX larda keng qamrovli xizmatlar - Spot savdo, marjinal savdo, fyucherslar va boshqa murakkab moliyaviy vositalar bilan shug‘ullanish mumkin.


CEX larning kamchiliklaridan biri barcha foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari birja qo‘lida to‘planishi va kripto-aktivlarning markazlashgan birja tomonidan saqlanishi xakerlik hujumlarini oshirishi mumkin.


Tartibga solish masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, markazlashgan birjalar (CEX) ko‘pincha davlat tomonidan tartibga solinadi va litsenziyalanadi. O‘zbekistonda UZNEX birjasi markazlashgan birja sifatida litsenziya olgani kabi. Biroq, markazlashmagan birjalarni tartibga solishda nisbatan qiyin bo‘lib, ko‘p mamlakatlarda huquqiy maqomi hali hanuz noaniq bo‘lib qolmoqda.


Shuningdek, markazlashmagan birjalarda (DEX) an’anaviy birjalarga nisbatan kengroq tokenlar savdo qilish imkoniyati mavjud bo‘lib, DEX larda tokenlarni listing qilish CEX larga nisbatan kamroq talablarni o‘z ichiga oladi. CEX larda esa qat’iy tekshiruvdan o‘tgan tokenlar ro‘yxatga olinadi (listing qilinadi)


CEX va DEX har ikkalasi ham kripto-aktivlar ekotizimida muhim o‘rin tutadi. CEX keng qamrovli xizmatlari va yuqori likvidligi bilan ajralib tursa, DEX xavfsizlik va mustaqillikni ta’minlaydi. Foydalanuvchilar o‘z ehtiyojlari, tajribasi va risk darajasiga qarab mos platformani tanlashlari mumkin.

O'xshash yangiliklar
Blockchain Texno
Blockchain Texno 2024 ©
bottom of page