Kripto do'konlardagi yuqori komissiyalar: davlat aralashuvi kerakmi yoki bozor o'zi hal qiladimi?
kripto-do'kon
5 daqiqa
14/01/25, 12:30

Hozirda O’zbekistonda 9 ta kripto do’kon litsenziya asosida qonuniy faoliyat yuritib kelmoqda.
Kripto do‘konlarda komissiya miqdori 1 foizdan 5-6 foizgacha borishi mumkin.
Nima uchun kripto do'konlarda sotib-o‘tkazilayotgan stablecoinlar ustida qo‘yilgan komissiya juda baland deb hisoblanadi?
Misol uchun, CryptoMag kripto do‘konida
1 000 dollargacha USDT xarid qilishda komissiya 5 foizni tashkil qiladi,
bundan oshsa komissiya 1 foizga tushadi.
Aslida, 2024-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan "Crypto Week" tadbirida ham shunga o‘xshash savol Istiqbolli Loyihalar Milliy Agentligi xodimlariga berilgan edi. Ular bu ishni kripto aktivlar xizmat provayderlari faoliyatiga noqonuniy aralashish deb hisoblashlarini aytishgandi.
Davlat tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga bu tarzda aralashishi yaxshi emas. Aytaylik, ertadan kripto do‘konlar mijozlarga sotadigan USDT komissiyasi 1 foizdan oshmasligi shart degan qonun chiqarsa, bu mijozlar uchun boshida quvonchli bo‘lishi mumkin.
Lekin bu holat vaqtinchalik. Oqibatda, kripto do‘konlarining daromad rentabelligi tushib ketadi. Natijada kamroq odamlar kripto do‘kon ochish uchun ariza bera boshlaydi, soha rivojlanmaydi. Aksincha, kripto do‘konlar yopila boshlaydi.
Yechim nimada?
Eng to‘g‘ri yo‘l, hozirda davlat kripto do‘konlar yoki boshqa xizmat provayderlari ko‘payishi (hech bo‘lmasa 50 tadan oshishi) uchun nisbatan yengilroq qoidalar joriy etib, litsenziya shartlarni yengillashtirgani, sirtmoqni yengilroq tortgani ma'qul.
Ma‘lum vaqt o‘tgach, xizmat provayderlari orasida haqiqiy raqobat bozori vujudga keladi. Ular o‘zaro komissiyalarni oshira olishmaydi, chunki raqobat sharoiti bunga yo‘l qo‘ymaydi. Bu esa iqtisodiyotdagi Adam Smitning ''ko‘rinmas qo‘l nazariyasi'' ga tushadi.
Ya’ni, narxlar davlat aralashuvi bilan emas, balki erkin raqobat sharoitida ''ko‘rinmas qo‘l'' orqali nazorat qilib boriladi.
To‘g‘ri, xizmat provayderlari uchun litsenziya talablari osonlashganda xuddi 2019-yil Estoniyada bo'lgani kabi, firibgarlik, pul yuvish holatlari yuzaga kelishi mumkin. Jinoyatchilik har yerda bor.
Biroq, shu vaqtga kelgandagina davlat litsenziya talablari kuchaytirib, keraksiz o‘yinchilarni, firibgarlarni bozordan chiqarib yuborish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
O‘shanda, har oylik kripto-do'konlar to'laydigan yig‘imlarni ko‘targanda ham bozorga hech qanday ta’sir qilmasdi, aksincha davlat budjetga yanada ko‘proq soliq kirar edi.
Nima bo‘lganda ham, soha endi rivojlanayotganini hisobga olish zarur.