top of page

Kripto-aktivlarda token migratsiyasi qanday jarayon?

#maxsus_rukn

22/07/24, 11:19

Foto: Crypto News

Token migratsiyasi kripto-aktivlar sohasidagi muhim jarayonlardan biri hisoblanadi. Token migratsiyasi blokcheyn almashinuvi paytida token bir blokcheyndan boshqasiga o‘tkazilganda sodir bo‘ladi.


Bu jarayon davomida bitta blokcheynga asoslangan tokenlar boshqa blokcheynga ko‘chiriladi. Migratsiya turli sabablarga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin.


Ba’zan yangi blokcheyn platforma ko‘proq imkoniyatlar va yaxshilangan xususiyatlarni taklif etishi tufayli texnologik takomillashtirish maqsadida migratsiya qilinadi. Eski tizimda xavfsizlik muammolari aniqlangan bo‘lsa, yangi va xavfsizroq tizimga o‘tish zaruriyati ham migratsiyaga sabab bo‘lishi mumkin.


Bundan tashqari, yangi blokcheyn tezroq tranzaksiyalar va kamroq komissiyalarni ta’minlashi orqali samaradorlikni oshirish maqsadida ham migratsiya amalga oshirilishi mumkin. Ba’zi hollarda esa boshqa blokcheynlar bilan yaxshiroq integratsiya qilish uchun moslashuvchanlikni oshirish maqsadida migratsiya qilinadi.


Migratsiya jarayoni odatda bir necha bosqichlardan iborat bo‘ladi. Avvalo, loyiha jamoasi migratsiya rejasini e’lon qiladi va foydalanuvchilarni xabardor qiladi. Keyin eski tizimda mavjud tokenlarning aniq hisobi olinadi, ya’ni snapshot olinadi. Shundan so‘ng, yangi blokcheynda ekvivalent miqdordagi tokenlar yaratiladi. Navbatdagi bosqichda eski tokenlar yangilariga almashtiriladi. Migratsiya jarayoni tugagach, eski tokenlar aylanmadan chiqariladi va yo‘q qilinadi.


Misol uchun, Galxe tokeni (GAL) o‘z ekosistemasini optimallashtirish uchun  Galxe DAO hamjamiyati tomonidan GP-25 va GP-30 takliflarini ma’qullagan holda  Galxe (GAL) tokenini Gravity (G) ga ko‘chirdi. Natijada, bu ikkala ekotizimdagi xusiyatlari birlashib, soddalashtirildi. Galxe (GAL) 60:1 nisbatda Gravity (G) ga migratsiya qilindi. Bu aksiyalardagi split jarayoniga qisman o‘xshab ketadi.


Token migratsiyasi murakkab jarayon bo‘lib, foydalanuvchilar va investorlardan e’tiborli bo‘lishni talab qiladi. Ular loyiha jamoasining rasmiy kanallarini kuzatib borish va ko‘rsatmalarni diqqat bilan bajarish muhimdir. Bu orqali ular o‘z mablag‘larini yo‘qotib qo‘yish xavfini kamaytiradilar va yangi tizimga muvaffaqiyatli o‘tishni ta’minlaydilar.

O'xshash yangiliklar
Blockchain Texno
Blockchain Texno 2024 ©
bottom of page