Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Hamster Kombat” o‘yini borasida o'zbekistonliklarning ko‘plab qiziqtirgan savollarga javob berdi
#maxsus_rukn
25/06/24, 10:52
Foto: tadviser
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi o‘zining rasmiy sayti orqali Play-to-earn bilan bog‘liq savollarga javob berib o‘tdi.
Unda quyidagicha xabar keltirilgan;
Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga “Hamster Kombat” o‘yini bilan bog‘liq ko‘plab savollar kelib tushmoqda. Xususan, o‘zbekistonliklar bunday o‘yin hisob birliklarini qonuniy ravishda xarid qilishlari yoki sotishlari mumkinmi, O‘zbekistonda “Play-to-earn” tamoyili bo‘yicha tashkil etilgan o‘yinlar faoliyati qonuniymi, “Hamster Kombat” o‘yinida to‘plangan hisob birliklari kripto-aktiv sanaladimi va hokazo. Quyida eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar keltirilgan.
1. “Hamster Kombat” – Play-to-earn toifasidagi o‘yinmi?
Play-to-earn - o‘yin orqali real pul yoki boshqa qimmatli mukofotlarni olish mumkin o‘yin turi. “Hamster Kombat” o‘yini mazkur toifadagi o‘yinlar qatoriga kirmaydi, chunki o‘yinda to‘plangan tangalar (hisob birliklari) utilitar kripto-aktivlardan farqli o‘laroq, ta’minlanmagan va real foyda keltirmaydi.
2.“Hamster Kombat” o‘yinida to‘plangan hisob birliklari kripto-aktiv sanaladimi?
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra kripto-aktiv bu – ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri (blokcheyn) dagi raqamli yozuvlar yig‘indisi bo‘lgan, qiymati va egasiga ega mulkiy huquq.
“Hamster Kombat” o‘yinida to‘plangan hisob birliklari yuqoridagi ta’rifga mos kelmaydi va blokcheynga ega emas. Shunga ko‘ra, mazkur birliklar kripto-aktiv emas.
Biroq, kelajakda “Hamster Kombat” dagi tangalar blokcheynga o‘tishi va shu bilan kripto-aktivga aylanishi mumkinligi inkor etilmaydi.
Keyinchalik, kripto-aktivni tarqatish maqsadida u kripto-platformalarda listingdan o‘tkazilishi mumkin. Biroq, bunday kripto-aktivlar aks hollarda foydali funksionallikning yo‘qligi sababli ro‘yxatga olinganidan keyin qisqa vaqt ichida qadrsizlanadi.
3. “Hamster Kombat” o‘yinida to‘plangan hisob birliklarini ular kripto-platformalarda ro‘yxatga olinganidan keyin xarid qilish yoki sotish qonuniy bo‘ladimi?
“Hamster Kombat” o‘yinida to‘plangan hisob birliklari kripto-aktiv deb tan olinsa, ularni faqat kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi milliy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar orqali xarid qilish yoki sotish mumkin bo‘ladi. Bunda ular kripto-birja kotirovkalash varag‘i yoki kripto-do‘konning savdo savatiga kiritilgan bo‘lishi zarur.
4. “Hamster Kombat” o‘yinining O‘zbekistondagi faoliyati Agentlik tomonidan tartibga solinadigan sohalarga kiradimi?
“Hamster Kombat” o‘yinining hisob birliklari blokcheynga ega bo‘lmagunicha, ularning aylanmasini tartibga solish Agentlik vakolatiga kirmaydi.
Xulosa qiladigan bo'lsak, Hamster Kombat o‘yinidadi tangalar hozirda kripto-aktiv hisoblanmaydi va hozirda Istiqbollli loyihalar milliy agentligi ushbu o‘yinni tafrtibga solish vakolatiga kirmaydi.
Qachonki, Hamster Kombat o‘yini tangalar birjalarda listing qilingandan so‘ng, Hamster Kombat o‘yinidan tangalarni yechish imkoniyati vujudga kelib, savdosi boshlansa ularga kripto-aktiv maqomi beriladi va agentlik ushbu sohani tartibga solishi kerak bo‘ladi.
Hamster Kombat o‘yinidan tangalarni chiqarish imkoniyati vujudga kelsa ham faqatgina O‘zbekistonda Istiqbolli loyihalar milliy agentligidan litsenziyaga ega xizmat provayderlari - kripto-birja yoki kripto-do‘konlar orqaligini ularning savdosini amalga oshirish qonuniy bo‘ladi.
Demak, Hamster Kombat kabi o‘yinlardagi tangalar savdosi boshlansa, O‘zbekistonda litsenziyaga ega UZNEX birjasida (agar ushbu birja Hamster Kambat kabi tokenlarni listing qilsa) sotish yoki sotib olish yoki O‘zbekistonda hozirda litsenziyaga ega 10-ta kripto-do‘konlar (agarda ular Hamster Kombat tokenini qabul qilsa) orqali kripto-aktivlar savdosini amalga oshirish qonuniy hisoblanadi. Yo‘qsa, fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 155-4-moddasi "Kripto-aktivlar sohasida qonunchilikni buzish’’ modda sanksiyasi orqali javobgarlikka tortilishi mumkin.