Coinbase: FTXning $5 milliardlik to‘lovi kripto bozoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi
#FTX
3 daqiqa
02/06/25, 08:59

Foto: Bloomberg
Coinbase tahlilchilariga ko'ra, FTX kompaniyasining kreditorlariga $5 milliard miqdorida kompensatsiya to‘lashi kripto bozoridagi dinamikaga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu yangi likvidlik to‘lqini bozorda faollikni oshirishi kutilmoqda.
2025-yil 30-may kuni bankrot bo‘lgan FTX kripto birjasining likvidatorlari foydalanuvchilarga fiat valyutalar va steyblkoynlar ko‘rinishida $5 milliard mablag‘ tarqatishni boshladi. Ushbu mablag‘lar BitGo va Kraken platformalari orqali uch ish kuni ichida foydalanuvchilarga yetkaziladi.
To‘lov miqdori foydalanuvchi toifasiga qarab farq qiladi:
Institutsional va xalqaro kreditorlar o‘z da’volarining 72 foizini oladi;
Ta’minlanmagan kreditorlar esa 61 foizini;
AQShdagi FTX foydalanuvchilari 54 foiz kompensatsiya oladi;
$50,000 gacha da’voga ega foydalanuvchilar uchun esa to‘lov $120 bo‘ladi.
Likvidatorlar fevral oyida ham ushbu so‘nggi toifadagi foydalanuvchilar uchun $7 milliard miqdoridagi aktivlarni taqsimlay boshlagan edi. O‘shanda bu to‘lovlar bozorga bosim bo‘layotgan – xususan, tarif urushi va “kripto katalizatorlar”ning yo‘qligi fonida amalga oshirilgan edi.
Natijada, bozorga potentsial likvidlik oqimiga qaramay, kapitalizatsiyasi bo‘yicha eng yirik 50 raqamli aktivlar indeksi bir oy ichida 16 foizga pasaygan edi.
Ammo Coinbase tahlilchilari bu safargi — ikkinchi bosqichdagi to‘lovlarning ta’siri boshqacha bo‘lishi mumkinligini qayd etmoqda.
Sabablari quyidagicha:
To‘lovlar asosan steyblkoynlarda amalga oshirilmoqda, bu esa mablag‘larni tezda qayta investitsiya qilish imkonini beradi;
Bitcoin so‘nggi haftalarda yangi cho‘qqilarga yetgan — investorlar kayfiyati yaxshilangan;
Regulyatorlar tomonidan aniqlik ortgani institutsional ishtirokchilarni faolroq harakatga undamoqda.
Shu bilan birga, Coinbase mutaxassislari AQSh savdo tariflari atrofidagi vaziyat hanuz noaniqligicha qolayotganini ta’kidladi.
Tahlilchilar FTX’ning ushbu likvidlik oqimidan aynan qaysi toifa kripto aktivlari – Bitcoin va yirik kapitalizatsiyali tokenlar yoki yuqori xavfli altkoinlar – ko‘proq foyda ko‘rishini aniq aytish qiyinligini tan oldi.
2025-yil aprel holatiga ko‘ra, FTX likvidatorlari umumiy qiymati $2,55 milliard bo‘lgan deyarli 400,000 ta da’voni rad etgan.