top of page

Blokcheynning qanday turlari mavjud?

Blockchain

28/06/24, 12:12

iStock

Blokcheyn - bu ma’lumotlarni xavfsiz va shaffof tarzda saqlash va almashish imkonini beruvchi innovatsion texnologiya. Bugungi kunda blokcheynning bir necha turlari mavjud bo‘lib, ular turli maqsadlarga xizmat qiladi.


1. Ommaviy blokcheynlar - nomi aytib turganidek, hamma uchun ochiq bo‘lgan dasturlar hisoblanadi. Bitcoin va Ethereum bu turdagi blokcheynlarning eng mashhur misollaridir. Ular markazlashtirilmagan bo‘lib, har kim unda hisob yaratishi, tranzaksiyalarni amalga oshirishi va bloklarni tasdiqlash orqali mayning qilishi mumkin. Ommaviy blokcheynlarning asosiy afzalligi ularning shaffofligi va xavfsizligidir. Sababi, blokcheynga yozilgan har qanday ma’lumot istalgan odam uchun ochiq bo‘ladi va bloklarga yozilayotgan ma’lumotni o‘chirishni iloji bo‘lmaydi.


2. Xususiy blokcheynlar - faqat ma’lum bir tashkilot yoki guruh tomonidan boshqariladi va foydalaniladi. Bunday tizimlar ko‘pincha korporativ muhitda qo‘llaniladi. Xususiy blokcheynlar yuqori darajadagi nazorat va maxfiylikni ta’minlaydi va qisman markazlashgan boshqaruvga ega bo‘lishi mumkin.


3. Konsorsium blokcheynlari - bir nechta tashkilotlar tomonidan birgalikda boshqariladi. Bu turdagi blokcheynlar yarim-markazlashgan hisoblanadi va ko‘pincha turli sohalar va tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilash uchun ishlatiladi. Masalan, bank va moliya sohasida bunday tizimlar keng qo‘llanilmoqda. Bir nechta bank birlashib, o‘z orasidagi pul o‘tkazmalarini tezlashtirish uchun blokcheyn tizimi yaratishi mumkin. Bu nafaqat banklarning ishini osonlashtiradi, balki mijozlar uchun ham qulaylik yaratadi.


4. Gibrid blokcheynlar - ommaviy va xususiy blokcheynlarning eng yaxshi xususiyatlarini o‘zida mujassam etadi. Ular ma’lum darajada ochiqlikni ta’minlagan holda, ayrim ma’lumotlarni xususiy saqlash imkonini beradi. Bu esa ko‘plab kompaniyalar uchun maqbul yechim bo‘lib xizmat qilmoqda. Gibrid blokcheyniga  savdo-sotiq moliyasi va ta’minot zanjiri boshqaruvi sohalarida faoliyat yuritadigan XDC Network blokcheyni misol bo‘la oladi. Blokcheyn texnologiyasi qaysi sohaga shaffoflik ta’minlash kerak bo‘lsa,  shu sohani rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Blokcheyn  moliya, ta’minot zanjiri, sog‘liqni saqlash va boshqa ko‘plab sohalarda inqilob yaratish potensialiga ega.


Har bir blokcheyn turi o‘zining kuchli va zaif tomonlariga ega. Blokcheyn texnologiyasidan foydalanmoqchi bo‘lgan tashkilotlar o‘z ehtiyojlari va maqsadlariga qarab eng mos turni tanlashlari muhim. Kelajakda, blokcheyn texnologiyasi rivojlanishi bilan uning yangi turlari paydo bo‘lishi kutilmoqda, bu esa blokcheynning qo‘llanilish sohalarini yanada kengaytiradi.

O'xshash yangiliklar
Blockchain Texno
Blockchain Texno 2024 ©
bottom of page