Blokcheynlar uchun yangi Google: Graph protokoli qanday ishlaydi?
Kriptopediya
5 daqiqa
03/07/25, 17:28

Foto: AI
Blokcheyn texnologiyasida ma’lumotlarni topish qanchalik murakkab ekanligi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Odatda bizga kerakli maʼlumotlarni topishda Google yordam beradi, lekin blokcheyn uchun nima yordam beradi? Bu savolga javob sifatida The Graph yaratildi.
The Graph nima?
The Graph – turli blokcheyn tarmoqlaridagi, masalan Ethereum yoki Polkadot'dagi maʼlumotlarni oson va tez izlash imkonini beradigan markazlashmagan protokol. Sodda qilib aytganda, bu blokcheyn olami uchun maxsus yaratilgan «Google» vazifasini bajaradi.
Oldinroq blokcheyn orqali tranzaksiyalar, foydalanuvchilar yoki NFT haqida maʼlumot olish uchun dasturchilar bloklarni qoʻlda tekshirib chiqishi kerak edi. Bu juda koʻp vaqt va resurs talab qilardi. Endi esa bu ishlarni The Graph bir zumda hal qiladi.
Qanday ishlaydi?
The Graph maxsus «subgraph» (kichik grafiklar) deb ataladigan elementlardan foydalanadi. Subgraph’lar blokcheyndagi maʼlumotlarni muayyan mavzular bo‘yicha tartibga solib, katalog vazifasini bajaradi.
The Graph ekotizimida bir nechta muhim ishtirokchilar mavjud:
Indekschilar – blokcheyn maʼlumotlarini tartiblab, yangilab turadigan odamlar yoki kompaniyalar. Ular bu uchun mukofot oladi.
Kuratorlar – subgraphʼlarni tanlaydi va ularning sifatini baholaydi, foydali maʼlumotlarni ajratishga yordam beradi.
Delegatorlar – indekschilarning ishlariga mablagʻ qoʻyib, passiv daromad oladi.
Foydalanuvchilar (dasturchilar) – kerakli maʼlumotlarni API orqali tez va oson topib, blokcheyn-dasturlarini yaratish jarayonini osonlashtiradi.
Barcha ishtirokchilar oʻzaro The Graph platformasining ichki kriptovaktivi – GRT token orqali aloqa qiladi va rag‘batlantiriladi.
Bu nima uchun kerak?
The Graph bo‘lmasa, blokcheyn asosidagi har bir dastur o‘zining maʼlumotlarni qidirish va qayta ishlash tizimini yaratishga majbur bo‘lardi. Bu juda ko‘p xarajat va vaqt talab qiladi. The Graph buni bartaraf qilib, DeFi, NFT va Web3 dasturlarining yanada tez va samarali ishlashini taʼminlaydi.
Xulosa
The Graph – blokcheyn dunyosidagi juda katta hajmdagi maʼlumotlar bilan ishlashni osonlashtiruvchi maxsus vosita. Uning yordamida blokcheyn texnologiyalari yanada ommabop va sodda bo‘lib, yangi avlod dasturlar paydo boʻlishi tezlashmoqda.