top of page
“TELBA KO’RSATUVNING TELBA BOSHLOVCHISI” – JIM KRAMER

“TELBA KO’RSATUVNING TELBA BOSHLOVCHISI” – JIM KRAMER

#Kolumnist

12 min read

08/05/24, 11:13

1/3 Bitcoin
Ulashish:

“Midasning qo’li” afsonasi

Qadim-qadim zamonlarda Yunonistonda Midas ismli podshoh yashagan ekan. Podshod Midas olamdagi barcha narsadan ham ko’ra kichkina qizalog’ini, atirgulga burkangan bog’ini va oltinni yaxshi ko’rar ekan. Qizalog’ining bog’da atirgullarni terishini, atirgullarni oltin guldonlarga solib qo’yilishini ko’rish unga juda zavq bag’ishlar ekan.


Bir kuni Midas atirgul bog’ini aylanib yurib satirni uchratib qolibdi. Satir ko’rinishidan yarim odam, yarim echkiga o’xshar edi. Satir kasal va och edi. Podshoh Midas hammaga bir xil mehribon bo’lgan ekan, shu sababli satirni yaxshi tanimasa-da uni o’z saroyiga olib boribdi, yuvintiribdi, ovqatlantiribdi, tabibi unga damlama beribdi.


Ertasi kuni satir uyg’onib, kasalligini yengganini sezibdi, chunki hech qayeri og’rinmayotgan ekan-da. Satir ham Midasni do’st sifatida ko’rishni boshlabdi va og’ir damda yordam bergan Midasga har qanday tilagini bajarishini aytibdi.


Midas tilak tilashda o’ylanib qolibdi: axir, qizalog’i uchun barcha imkoniyatlarni muhayyo qilib qo’ygan edi, dunyodagi eng go’zal atirgullar esa uning bog’ida o’sar edi. Faqat oltinga kelganda ko’zlari yilt etib yondi.


Podshoh Midas uning qo‘li teggan har qanday narsa oltinga aylanishini tilabdi. Podshoh saroyiga qaytib kelganida, taxtiga o’tirayotib qo’lini qo’yibdi. U qo‘l tegizishi bilanoq taxt tillaga aylanibdi. Midas endi guldonga qo’l uzatibdi.


U tegishi bilan guldon ham oltinga aylanibdi. Midas hashamatli saroyi bo’ylab yeldek yugurib chiqibdi. U qo’l tegizgan jamiki buyumlar oltinga aylana boshlabdi!


Biroq Bizning bugun sizga aytib bermoqchi bo’lgan hikoyamiz yunon afsonalari turkumidan emas. U o’zgacha. O’zgachaligi shundaki, qahramonimiz bir tarafdan qadimgi Frigiya podshohi Midas taqdirini takrorlayotgandek ko’rinsa, bir tarafdan “oltin qo’l”ning butkul teskari hayot tarzini boshdan kechirayotgandek tasavvur uyg’otadi.


Bu hikoyamiz qaysi kompaniya aksiyalari, kriptovalyuta, fond, bond, indeks yoinki mahsulot haqida og’iz ochsa, qaysidir biridan ulushga ega bo’lgan insonlarni “sovuq nafasingni shamollar uchirsin” yoki “bizning bog’ga ham tosh otib qo’ying”, deya iltijo qildira olguvchi Jim Kramer haqida.


Kramerning “buyuk bashoratlari” va yosh Ilon Mask


2010-yil iyun oyida Ilon Mask tomonidan boshqariladigan elektr avtomobillar ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasi aksiyalari birjaga chiqqach, o’zining IPO narxini har bir aksiya uchun 17 dollarga belgilagan.


Amerikalik teleboshlovchi Jim Kramer o'zining “Mad Money” (“Telba pul”) ko’rsatuvida har qanday sarmoyador Tesladan qochishi kerakligini, unga sarmoya kiritmaslikka chaqirgan: “Teslaning ishlay oladigan biznes rejasi borligiga ishonchim komil emas. Bu aqlli sarmoya emas.” Shu kuni Tesla’ning IPO’si taxminan 225 million dollar yig‘gan va aksiyalar birinchi kunning o’zida 40 foizga ko’tarilgan.


Maskning ertasi kuni bergan intervyusi esa Kramer podshoh Midasning aksiga aylanib ulgurganini anglatardi: “Menimcha, bilasizmi, Jim bunaqa degan bo’lardi: “Ha, albatta, Jim, biz “Bear Stearns” emasmiz-ku axir.”


Ilon Mask ikki yilcha avval, 2008-yil mart oyida “Mad Money” tomoshabinlaridan biri Kramerdan “Bear Stearns” aksiyalariga egalik qilishdan xavotirlanish kerakmi, deb so'raganida, mash’um lahzani nazarda tutgan edi.


Shu kuni “Bear Stearns” aksiyalari 400 punktga o’sgan, o’z navbatida bankning “o’limi” yaqinligi haqida mish-mishlar tarqab ham ulgurgan edi. Kramerning javobi shunday bo’lgan: “Yo’q! Yo’q! Yo’q! “Bear Stearns”ning ahvoli yaxshi. Pulingizni chiqarib olmang…


“Bear Stearns” muammoga duch kelmaydi! “Bear”dan pulingizni chiqarib olmang. Bu axir tentaklik-ku! Tentaklik qilmang!” “Bear Stearns” Kramerning dav’atidan bir kun o’tib bankrotlikdan himoya qilish (bankruptcy protection) uchun ariza bermoqchi bo’lganida AQSh Federal rezervining aralashuvi tufayli “JPMorgan Chase” “Bear Stearns”ni har bir aksiyasi uchun 2 dollardan sotib olishga rozi bo'lgan.


Oradan ko’p vaqt o’tdi. Tesla aksiyalari bugungi kungacha (maqola yozilgan

vaqtga qadar) 14000 foizdan ko’proq o’sishga erishdi, “Bear Stearns” esa bankrotlikka uchrab yopildi.


Tasodiflar tasodifan bo’lmaydi


Harvardda yuridik fanlar doktorligini yoqlagan Jim Kramer “nafasi o’tkir omadsiz” ekanligini bir necha bor isbotlagan. 2019-yil 9-oktyabr kuni S&P 500, NASDAQ indekslarini tahlil qila turib, bu ikki indeksga kiritilgan sarmoyalar yaqinda o’z qiymatidan keskin sho’ng’ishini bashorat qiladi.


CNBC telekanalida “Mad money” (“Telba pul”) teleko’rsatuvining ushbu soni efirga uzatilganidan toki 2020-yil 19-fevraliga qadar, ya’ni 133 kun ichida S&P 500 hamda NASDAQ indekslari mos ravishda 16 va 26 foiz o’sishga erishgan.


Solishtirish uchun S&P500 indeksi 1928-yilda tashkil etilganidan 2023-yil 31- dekabrgacha bo‘lgan davrda o‘rtacha yillik daromad 9,95 foizni tashkil qilgan bo’lsa, Jim Kramerning 2019-yil 9-oktyabrdagi teleko’rsatuvdagi “tahlil”idan so’ng 133 kun ichida S&P 500 indeksi 16 foizga o’sgan.


Kramer 2022-yil avgust oyida Tesla va Maskka nisbatan o’z qarashlarini o’zgartiradi, CNBC boshlovchisi 2022-yil 5-avgustda efirga berilgan intervyuda Jim Kramerga Tesla aksiyalari pasayishi ehtimoli mavjudligini, bu holatga uning yondashuvini bilmoqchiligini aytadi.


Kramer tamomila Tesla va Ilon Maskni qo’llab-quvvatlashini, Mask eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri ekanligini ta’kidlagan. Mask esa 5 avgustdan 9 avgustga qadar Tesla hissalarining qariyb 7 mlrd dollarga teng qismini sotib yuborgan.


151 kun ichida, ya’ni 2022-yil 5-avgustdan 2023-yilning 3-yanvariga qadar bo’lgan muddatda, eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniyaning jahon birjasidagi aksiyalari narxi 304 dollardan 107 dollargacha, boshqacha aytganda 65 foizdan ko’proqqa pasaygan.


Kramer kriptovalyuta haqida o’z tahlillarida, teleko’rsatuvlarida, “X” (sobiq “Twitter”)da 2021-yil oxirigacha deyarli hech qanday material joylamagan, post qoldirmagan, intervyu bermagan. Ikki milliondan ortiq obunachilari bo’lgan “X”da Kramer 2022-yil iyun oyidan boshlab faol tarzda kriptovalyuta to’g’risida yoza boshladi.


“Telba boshlovchi” kriptovalyuta haqida 2023-yil yanvarida o’z “X” sahifasida bir nechta xabar joyladi. Ularning barchasi kriptodan chiqish, 2023-yil kripto uchun volatilligi juda zaif yil bo’lishini taxmin qilish to’g’risidagi, kriptovalyuta bozorini soxta bozor deb atalgan postlar edi.


Uning uzoq yillik o’quvchilari ham, chekka-chekka mamlakatlardan tasodifan uni endi o’qishni

boshlagan omma ham “Kramerning aytganini faqatgina teskarisini qil” tamoyili bilan quloq tuta boshlashdi shekilli, u nima desa tamomila aksini qilishga bel bog’lashdi.


Bozor kapitalizatsiyasi eng yirik va “primus inter pares” kriptovalyuta bo’lgan

“Bitcoin” 2023-yil yanvaridan bozordagi ulushini mustahkamlab bordi. O’tgan davr

mobaynida “Bitcoin” narxi 270 foizdan yuqoriroq oshdi, xususan 2023-yil

9-yanvarida 1 “Bitcoin” 17 ming dollarga teng bo’lgan bo’lsa, 2024-yil may oyi

boshiga kelib u 60 ming dollardan biroz yuqori nuqtada turli savdo rastalarida sotib

olinmoqda.


Insoniyat tarixida hech qachon bir kishi bunchalik ishonchli xato qilmagan.

Kramer teleboshlovchilik faoliyati davomida, 2005-yildan buyon insonlarda o’ziga

nisbatan shunday odat yaratdiki, u endi nimani bajarsa, maslahat bersa, maqtasa,

nolisa, odamlar uning aksini qabul qilaverishadi.


Uning kuzatuvchilari “Mad money” boshlovchisining xabarlari go’yoki tasodif yoki odatdagi omadsizlik ekanligiga shubha bilan yondashadilar. Kramer o’zi va izdoshlari uchun “Mad money” teleko’rsatuvining manifestida bitilgan tamoyillarga ko’ra, uning vazifasi odamlarga nimani o’ylash kerakligini aytish emas, balki bozor haqida qanday qilib professional kabi fikrlashni o’rgatishdir.


Qo’shimcha ravishda, “men ba’zida masxaraboz rolini ham o’ynayman va bundan

faxrlanaman”, - deb manifestda keltiradi Jim Kramer. Esdan chiqayozibdi, podshoh

Midas afsonasi qanday yakun topganidan xabaringiz bormi?


                                                                                                   Maqola muallifi: Maximleanke

Maqolani ulashing:

O'xshash yangiliklar

Bizning hamkorlar

bottom of page